Bo'lim

02.04.2014

WHATSAPP VA FACEBOOK – IJTIMOIY KELAJAK TELEFON EKRANIDA

Barchangizga ma’lumki, 2014-yilning 19-fevral kuni Facebook 16 milliard dollar evaziga mashhur WhatsApp mobil messenjerini sotib oldi. Bunda, WhatsApp egalari 12 milliard dollarni Facebook aksiyalari bilan, qolgan 4 milliardni esa naqd pul ko‘rinishida oladi. Bundan tashqari, uning xodimlari kelasi to‘rt yil davomida ma’lum shartlar ostida jami 3 milliard dollar miqdorida moliyaviy ko‘mak olishi mumkin. Shunday qilib, WhatsApp’ni sotib olish Facebook’ka jami 19 milliard dollarga tushmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, Facebook asoschisi va rahbari Mark Sukerberg (Mark Zukerberg) WhatsApp rahbariyatiga messenjerni sotib olish taklifini 9-fevral kuni bildirgan ekan.

Eslatib o‘taman, shu kungacha WhatsApp’ning faqatgina bitta investori bor edi. Sequoia Capital fondi 2011-yil servisga 8 million dollar investitsiya kiritgandi. Ushbu xariddan so‘ng, mazkur fondning WhatsApp’dagi ulushi 3,5 milliard dollarga baholandi.
WhatsApp va Facebook
WhatsApp va Facebook
Mark Sukerberg o‘zining Facebook’dagi sahifasida yozishicha, WhatsApp’ning butun jamoasi Facebook’ka qo‘shiladi, ammo messenjer alohida mahsulot sifatida saqlanib qoladi. WhatsApp asoschisi Yan Koum (Jan Koum) esa Facebook direktorlar kengashidan joy oladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, WhatsApp foydalanuvchilari uchun hech narsa o‘zgarmaydi. Messenjerda reklama hech qachon paydo bo‘lmaydi. Ular, avvalgidek, messenjerdan bir yil davomida bepul foydalanishlari mumkin. Undan so‘ng esa, atigi 1 dollar evaziga servisdan bir yil foydalanish huquqini sotib olishlari mumkin.
WhatsApp hozirda faqatgina yuqorida aytilgan usul bilan pul topmoqda xolos. Messenjer asoschisining “Hech qanday reklamasiz” shiori o‘z kuchida qoladi.
Shu yilning 24-27 fevral kunlari Ispaniyaning Barselona shahrida bo‘lib o‘tgan hamda mobil qurilmalar va texnologiyalar sohasidagi yilning eng nufuzli tadbiri hisoblangan Mobile World Congress 2014 ko‘rgazmasida chiqish qilar ekan, Facebook asoschisi Mark Sukerberg WhatsApp messenjeri aslida 19 milliard dollardan ham qimmatga arzishini aytib o‘tdi.
Markning fikricha, WhatsApp u ko‘rgan mobil ilova-dasturlar ichida eng maftunkoridir. Uning so‘zlariga ko‘ra, WhatsApp endilikda foydalanuvchilari sonini 1 milliardga yetkazish yo‘lidan boradi. Uning “Biz WhatsApp foydalanuvchilarining xabarlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘maymiz, AQSH Milliy xavfsizlik agentligiga bu ma’lumotlarni bermaymiz” kabi gaplariga menga o‘xshab siz ham ishonmasangiz kerak.
Hammasi qanday boshlangan?
WhatsApp messenjeri 2009-yil 24-fevral kuni amerikalik Brayan Ekton va asli ukrainalik bo‘lgan Yan Koum tomonidan ishga tushirilgan. Ularning har ikkalasi ham ungacha Yahoo kompaniyasida ishlashgan.
Asli Ukrainada tug‘ilgan Yan Koum yoshligida AQSHga ko‘chib ketgach, Rossiya va Ukrainadagi qarindoshlari va tanishlari bilan aloqada bo‘lishga qiynalgan. WhatsApp’ga o‘xshagan messenjer g‘oyasi unda o‘shandayoq paydo bo‘lgan bo‘lsa ajabmas. U Yahoo kompaniyasidan ishdan ketiboq o‘z messenjeri ustida ishlarni boshlab yuborgan.
WhatsApp asoschilari: Yan Koum (chapda) va Brayan Ekton (o‘ngda)
WhatsApp asoschilari: Yan Koum (chapda) va Brayan Ekton (o‘ngda)
Bilasizmi, bundan to‘rt yil avval WhatsApp asoschilaridan biri Brayan Ekton Yahoo’dan ishdan ketgach, ish izlab Facebook va Twitter kompaniyalariga murojaat qilgan. Ammo, ularning har ikkalasi ham uni ishga olishmagan edi.
Brayan Ektonning Twitter akkauntidan olingan skrinshot
Yan Koumning fikricha, reklama, o‘yin va boshqa hiyla-nayranglar foydalanuvchini asosiy narsa — muloqot qilishdan chalg‘itadi.
WhatsApp asoschisi Yan Koumning shiori: Hech qanday reklama! Hech qanday o‘yin! Hech qanday hiyla!
WhatsApp asoschisi Yan Koumning shiori: Hech qanday reklama! Hech qanday o‘yin! Hech qanday hiyla!
Bugungi kunda WhatsApp orqali kuniga 50 milliard dona xabar yuborilmoqda. Bu butun dunyo bo‘ylab jo‘natilayotgan SMS-xabarlar sonidan ham ko‘proqdir! Ta’kidlash joizki, siz WhatsApp orqali oddiy kulgich (☺) yoki “OK” so‘zini yuborsangiz ham u bitta xabar hisobiga o‘tadi.
Ajablanarli tomoni shundaki, WhatsApp shu kungacha marketing uchun bir dollar ham sarflamagan! Ularda hatto PR-mutaxassis ham yo‘q. Kompaniyadagi 50 ta xodimdan 32 tasi dasturchi (dasturchilardan ba’zilari Rossiyadan turib ishlar ekan).
Nima uchun WhastApp bunchalik qimmat?
Facebook sotib olgan paytda WhatsApp’ning oylik faol foydalanuvchilari soni 450 millionga teng bo‘lib, ularning 70 foizi messenjerdan har kuni foydalanishar edi. Kunlik yangi qo‘shilayotgan foydalanuvchilar soni esa 1 millionga teng. WhatsApp orqali bir kunda yuborilayotgan rasmlar soni 500 millionga teng bo‘lib, bu ko‘rsatkich Facebook’nikidan ham ortiq.
Xo‘sh, Facebook WhatsApp’ga nima uchun bunchalik katta pul taklif qildi? Ekspertlarning fikricha, birinchidan, Facebook “yangi Facebook” bo‘lmoqchi. Chunki, Google, Facebook va boshqa bir qator texnologik kompaniyalarning o‘sish sur’ati so‘nggi yillarda biroz pasayishni boshlagan edi. Facebook oldingilar qilgan xatoni takrorlamaslik uchun WhatsApp’ni katta pulga sotib olish orqali o‘z vaqtida strategik qarorni qabul qildi.
Ikkinchidan, desktopdan farqli o‘laroq, mobil sohasida ayni paytda “mutlaq g‘olib” mavjud emas. Bu yerda 4 ta muhim elementni qayd etish joiz:
1. Mobil ilova-dasturlar sizning manzillar, aloqalar kitobingizga kira oladi. Bu degani, ular foydalanuvchi haqidagi eng muhim ma’lumotni osonlikcha qo‘lga kirita olishadi;
2. Ular sizning fotogalereyangizga bevosita kira olishadi. Bu rasmlarni ulashishda qulaylikni keltirib chiqaradi;
3. Ilova-dasturlar mobil qurilmalarda push-bildirishnomalardan foydalanib, osonlikcha e’tiborni torta oladi;
4. Eng muhimi — dasturiy ilovalar sizning bosh ekraningiz yoki qo‘shimcha ekranlarga o‘zining yorlig‘ini (ikonkasini) joylashtira oladi.
Biroz tahlil qiladigan bo‘lsak, Facebook 2012-yilda Instagram uchun o‘z kapitallashuv darajasi, ya’ni bozor qiymatining 1 foizini to‘lagan edi — 1 milliard dollar. Hozir u WhatsApp uchun deyarli 10 foiz qiymatini to‘lamoqda. Shunday ekan, siz savolni “Nima uchun 19 milliard dollar?” deb emas, balki “WhatsApp haqiqatdan ham Facebook’ning 10 foiziga arziydimi” shaklida qo‘ying.
Xarid vaqtida WhatsApp foydalanuvchilari soni 450 million ekanligini hisobga olsak, Facebook bitta foydalanuvchini 35 dollarga baholagani kelib chiqmoqda. Eslatib o‘taman, Google ham YouTube’ni sotib olayotganda bitta foydalanuvchini shu atrofda baholagan edi. Biroq, Facebook’ning kapitallashuv darajasidan kelib chiqsak, u WhatsApp’ning har bir faol foydalanuvchisini 140 dollardan baholagani kelib chiqadi.
WhatsApp va uning raqobatchilari
Xabaringiz bor, Facebook WhatsApp’ni sotib olishidan oldinroq Yaponiyaning Rakuten kompaniyasi Viber messenjerini 900 million dollarga sotib olgan edi.
Mish-mishlarga ko‘ra, WhatsApp’ga qiziqish nafaqat Mark Sukerbergda, balki Google asoschilari Sergey Brin va Larri Peyjda ham bo‘lgan. Natijada, WhatsApp’ning narxi ancha ko‘tarilib ketgan.
Viber xaridi vaqtida unda ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar soni 300 millionga teng ekanligini hisobga olsak, uning bitta foydalanuvchisi atigi 3 dollarga baholanganini aytishimiz mumkin. Ammo, bir narsani esdan chiqarmangki, WhatsApp xaridi chog‘ida uning faol foydalanuvchilari soni 450 millionga teng bo‘lgan. Unda ro‘yxatdan o‘tganlar soni bu raqamdan ancha katta. Qolaversa, Facebook va Google o‘rtasidagi pinhona kurash ham WhatsApp bitta foydalanuvchisi narxining 35 dollargacha baholanishiga olib kelgan bo‘lishi mumkin.
Ba’zi tanqidchilarning fikricha, Viber so‘nggi vaqtlarda desktop versiyasi bilan o‘ralashib qolib, asosiy e’tibor — ovozli muloqotni esdan chiqarib qo‘yayotgan edi.
Yaponiyada ishlab chiqilgan, ammo Koreya kompaniyasiga qarashli Line messenjerida bugungi kunda jami 350 million foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan. Xitoyliklarning WeChat messenjerida esa oylik faol foydalanuvchilar soni 300 millionga yaqin. Aytgancha, WeChat messenjeri argentinalik futbol yulduzi Lionel Messi ishtirokida reklama roligini ham suratga olgan.
Yana bir mashhur messenjer — koreyslarning KakaoTalk messenjerida ham oz emas, ko‘p emas 100 million foydalanuvchi mavjud.
WhatsApp va uning raqobatchilari. Manba: App Annie
WhatsApp va uning raqobatchilari. Manba: App Annie
Agar WhatsApp ham o‘zining yaponiyalik raqobatchisi Line kabi bitta foydalanuvchidan 7 dollar daromad olganida, uning yillik daromadi 3,15 milliard dollarni tashkil qilgan bo‘lardi.
WhatsApp’ni sotib olgach, Facebook o‘zining Facebook Messenger servisi borasida ba’zi qarorlani qabul qildi. Jumladan, u 3-martdan boshlab ushbu messenjerning Windows operatsion tizimi uchun chiqarilgan desktop versiyasini yopadi.
WhatsApp’ga endi nima bo‘ladi?
Yuqorida ta’kidlanganidek, WhatsApp messenjeri Facebook tarkibida alohida mahsulot sifatida rivojlanishda davom etadi. Unda reklama paydo bo‘lmasligiga va’da berishmoqda. Ammo, kuzatuvchilarning fikricha, Facebook foyda olish maqsadida har qanday ishga qo‘l urishi ham mumkin.
Hech shubha yo‘qki, Facebook anchadan beri ijtimoiy tarmoq sohasida mutlaq yetakchilikni o‘zida saqlab kelmoqda. Kompaniya o‘zining innovatsiyalarini asosan yosh startaplarni sotib olish orqali amalga oshirishga o‘rganib qolgan. Xususan, u o‘z tarixida shu paytgacha 45 ta bunday xaridni amalga oshirgan. WhatsApp esa ularning ichida eng oxirgisi hamda eng qimmatga tushgani va eng muhimi — strategik xarid hisoblanadi.
Quyida Facebook haqida ba’zi raqamlarni keltirib o‘tsam. Facebook’ning rasmiy statistikasiga ko‘ra, 2013-yil 31-dekabr holatiga ijtimoiy tarmoqning mobil mahsulotlaridan foydalanuchilar soni oyiga945 millionni tashkil qilgan. Xuddi shu vaqtda uning kunlik faol foydalanuvchilari soni esa 757 millionga teng bo‘lgan. Eng asosiysi, bu vaqtda Facebook’ning oylik faol foydalanuvchilari soni 1 milliard 230 millionga teng bo‘lgan.
Yaqinda, 24-fevral kuni WhatsApp o‘zining besh yoshini nishonlar ekan, uning bosh ijrochi direktori Yan Koum kompaniyaning ba’zi rejalari va yutqlari bilan o‘rtoqlashdi.
Shunday qilib, 2009-yil 24-fevral kuni ishga tushgan WhatsApp messenjerining oylik faol foydalanuvchilari soni oradan besh yil o‘tib 465 milliondan oshib ketdi. E’tibor qilsangiz, Facebook tomonidan sotib olinganidan so‘ng atigi 5 kun ichida uning faol foydalanuvchilari soni 15 millionga ko‘paygan.
Yana bir yangilik — shu yilning ikkinchi choragida WhastApp messenjerida ovozli qo‘ng‘iroqlarni amalga oshirish funksiyasi ham paydo bo‘ladi. Bu funksiya dastlab Android va iPhone smartfonlari egalari uchun paydo bo‘lsa, Nokia va BlackBerry foydalanuvchilari esa biroz sabr qilishiga to‘g‘ri keladi.
WhastApp kelajagiga oid ikki yo‘lni taxmin qilishimiz mumkin. Bittasi, u ham YouTube’ga o‘xshab yanada rivojlanib ketishi mumkin yoki uni ham MySpace taqdiri kutmoqda.
Eslatib o‘taman, YouTube videoservisi Google tomonidan sotib olingach, alohida mahsulot sifatida yanada tezroq rivojlana boshlagan. Bugungi kunga kelib uning foydalanuvchilari soni ham yetarli darajada ko‘p, juda yaxshi foyda ham olmoqda.
Xuddi o‘sha vaqtda News Corp tomonidan 580 million dollarga sotib olingan MySpace ijtimoiy tarmog‘i esa asta-sekin foydalanuvchilarini yo‘qotib, yakunda atigi 35 million dollarga sotib yuborildi.
Bir narsani aytishim mumkin, Mark Sukerberg ba’zilar o‘ylaganchalik ahmoq emas. U Instagram’ni sotib olgach, servisni yanada rivojlantirib, foydalanuvchilari sonini yanada oshirishga yordam berdi va berib kelmoqda. WhatsApp’ni esa undanda yaxshiroq kelajak kutib turganiga umid qilib qolamiz.
Sukerberg nimadan qo‘rqadi?
16 milliard dollar — bu, Facebook’da bor naqd pulning 35 foizi yoki uning bozor qiymatining 9,2 foizi demakdir. Ma’lumot uchun, Google o‘z vaqtida YouTube uchun o‘z bozor qiymatining 1,6 foizini, Android uchun esa 0,08 foizini to‘lagan xolos.
2012-yilda 1 milliard dollarga xarid qilingan Instagram Facebook’ka o‘z kapitallashuv darajasining 1 foiziga tushgan edi. Yaqinda uning Snapchat messenjeri uchun qilgan 3 milliard dollarlik taklifi rad qilinganligini inobatga olsak, Mark Sukerberg nimadandir havotirga tushib qolgan.
Quyidagi grafikda Facebook, Twitter va WhatsApp’ning ishga tushganidan keyin dastlabki to‘rt yil davomida foydalanuvchilari soni o‘sishi dinamikasi keltirilgan.
WhatsApp, Facebook va Twitter foydalanuvchilari sonining o‘sish dinamikasi. Manba: The Economist
WhatsApp, Facebook va Twitter foydalanuvchilari sonining o‘sish dinamikasi. Manba: The Economist
Chizmadan ko‘rinib turibdiki, foydalanuvchilar sonining o‘sishi borasida WhatsApp messenjeri Facebook va Twitter’dan ancha ilg‘or ekanligi namoyon bo‘lmoqda.
Rostmi-yolg‘onmi, Google ham WhatsApp uchun 10 milliard dollar taklif qilganini eshitgach, Mark zudlik bilan narxni 16 milliard dollargacha ko‘tarishga majbur bo‘lgan. Dastlab 9-fevral kuni taklif bilan chiqqan bo‘lsa, oradan besh kun o‘tib 14-fevral kuni WhatsApp asoschisining uyiga tashrif buyurgan. Bu paytda Google Facebook’ning taklifi haqida ogohlantirilgan edi, chunki u bir necha million dollar evaziga WhatsApp’dan unga kimdir sotib olish taklifi bilan chiqsa, bu haqda birinchi bo‘lib xabardor bo‘lish huquqini sotib olgan edi.
Mobile World Congress 2014 ko‘rgazmasi chog‘ida Google vitse-prezidenti Sundar Pichai (Android va Chrome bo‘limi boshlig‘i) WhatsApp’ni sotib olish uchun Google kompaniyasi hech qachon 10 milliard dollarlik taklif bilan chiqmaganligini ma’lum qildi.
Facebook va WhatsApp o‘rtasida tuzilgan oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq, u messenjer foydalanuvchilarining ma’lumotini qo‘lga kiritadi. Xususan, Facebook messenjer foydalanuvchilarining mobil telefon raqamlari, IP-manzillari, yuborilgan linklar, WhatsApp orqali brauzerga o‘tib ketilgan linklar, cookie ma’lumotlari. U hatto foydalanuvchilarning yozishmalar tarixini ham ko‘ra olishiga shubha qilmayman.
WhatsApp foydalanuvchilar haqida judayam ko‘p narsani biladi: telefon raqami, qanday raqam egalari bilan muloqot qilgan, qachon muloqot qilgan. Facebook bu kabi ma’lumotlarni o‘zining ijtimoiy grafini (social graph) yaxshilashga, pirovardida esa reklamalarni to‘g‘ri yo‘naltirishda ishlatishi mumkin. Eng yomon holatda esa, bu ma’lumotlarni AQSH hukumatiga berishi mumkin.
Ommaviy axborot vositalarida bir necha bor o‘smirlar va yoshlar Facebook’dan ketib, boshqa ijtimoiy servislarga o‘tib ketayotgani haqida yozishgandi. O‘sha yoshlar bugungi kunda WhatsApp, Snapchat kabi messenjerlarda yurishibdi. Shuning uchun ham Mark Sukerberg havotirga tushib qolgan bo‘lsa ajab emas.
Markning vatani hisoblangan AQSHda WhatsApp unchalik mashhur emas. Amerikada odamlar tezkor xabar almashish uchun ko‘proq Skype va Facebook Messenger’dan foydalanishadi. Bundan tashqari, WhatsApp ba’zi mintaqalarda yirik raqobatga duch kelmoqda. Xususan, Yaponiyada — Line, Janubiy Koreyada — KakaoTalk, Xitoyda — WeChat va Rossiyada — Vkontakte.
Facebook Instagram’ni sotib olishdan avval har ehtimolga qarshi o‘zining Facebook Camera ilova-dasturi ustida ishlagan. Keyinchalik Snapchat messenjeri ommalashib ketdi, u orqali yuborilayotgan rasmlar soni hatto Facebook’nikidan ham o‘tib ketdi. Facebook uni sotib olish uchun 3 milliard dollarlik taklif bilan ham chiqqan, ammo taklif rad etilgandi.
Bugungi kunda WhatsApp foydalanuvchilari kuniga o‘rtacha 500 milliondan ortiq rasm yuborishmoqda. Bu rasmlar omma uchun ochiq bo‘lmasa-da, u Snapchat (kuniga 400 million), Facebook (350 million) va Instagram (55 million) orqali yuborilayotgan rasmlar sonidan ko‘proq.
Sukerbergning asosiy havotiri shundaki, u Facebook boshlagan narsa — rasm ulashish borasidagi yetakchilikni birovga berib qo‘yishni xohlamaydi.
WhatsApp va O‘zbekiston
WhastApp’ning O‘zbekistondagi o‘rni haqida gapirar ekanman, uni Odnoklassnikidan keyingi o‘ta muvaffaqiyatli servis deb atagan bo‘lardim. O‘zbekiston bozori o‘zining bashorat qilib bo‘lmasligi bilan ajralib turadi. Biror servisning o‘xshab ketishini oldindan taxmin qilish juda qiyin. Ammo, Odnoklassniki ijtimoiy tarmog‘i O‘zbekistonda bunchalik mashhur bo‘lib ketganini o‘zlari ham kutmagani aniq.
Bugungi kunda WhatsApp’ni ham xuddi shunday muvaffaqiyat kutib turibdi desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki, WhastApp’dan foydalanish judayam oson, yangi akkaunt ochish uchun hech qanday e-mail, login yoki parol kiritish talab qilinmaydi. Aynan shu narsa o‘zbekistonlik foydalanuvchilar uchun judayam muhim element hisoblanadi. Ammo, WhatsApp’ning O‘zbekistondagi bunday muvaffaqiyati yoki muvaffaqiyatsizligi unga zarracha ham ta’sir qilmasa kerak. Hatto, O‘zbekistondan kuniga 2-3 million odam WhatsApp’dan foydalangan taqdirda ham ular messenjerning o‘zbekcha versiyasini chiqarishmaydi. Hechqisi yo‘q, juda bo‘lmasa o‘sha paytda o‘zimiz ularga xat yozib, tekinga tarjima qilib berishni taklif qilarmiz balki.
Bizning aksariyat Internet foydalanuvchilarimiz e-mail nimaligini bilmaydi yoki bilganida ham undan foydalanishmaydi. O‘z vaqtida Odnoklassniki ijtimoiy tarmog‘ida ham ro‘yxatdan o‘tish uchun telefon raqami va parolni kiritish kifoya qilganligi bois, u foydalanuvchilar orasida tez ommalashib ketgan. WhatsApp misolida esa parol ham shart emas, shunchaki telefon raqamini kiritib, unga kelgan kod kiritilsa bas.
O‘zbekistonlik foydalanuvchilar orasida yangi “vatsaplashmoq” (vatsaplashmoq — WhatsApp messenjeri orqali xabar almashish) so‘zining muomalaga kiritilgani ham messenjerning qanchalik mashhur ekanligidan dalolat beradi. Qolaversa, estradamiz vakillari WhatsApp haqida qo‘shiq kuylashga ham ulgurishdi. WhatsApp orqali tarqalib, xitga aylangan “Salom gruppadagilar” seriyasidagi videolar asosida ishlangan film esa oshib tushdi.
Yaqinda bo‘lib o‘tgan Beeline aloqa operatori mojarosi ham WhatsApp’ning mamlakatimizda qanchalik ommalashib ketganligini isbotlab berdi. O‘shanda Beeline’ning yopilishi haqidagi spam-xabarlar asosan ushbu messenjer orqali tarqatilgan edi.
Shu o‘rinda Beeline haqida WhatsApp orqali yuborilgan spam-xabarlar haqida bir-ikki narsani aytib o‘tmoqchiman. Dastlab, Beeline rasmiy vakili WhatsApp’ni reklama ko‘rinishida trafik yeyishi haqida xabar qilib, mening fikrimcha, o‘z obro‘siga yarashmaydigan ish qildi. Oradan biroz vaqt o‘tib, Beeline’ning yopilishi haqidagi yolg‘on xabarlar aynan WhatsApp orqali tezlik bilan tarqaldi. O‘shanda ijtimoiy tarmoqlarda ba’zi foydalanuvchilar hazillashib, bu voqeani WhatsApp uyishtirayotgan bo‘lmasin, degan taxminlarni ham qilishdi.
Menimcha, Beeline o‘sha spam-xabarlarning tarqatilishini to‘xtatish uchun WhatsApp’dan rasman yordam so‘ragan. Bu narsa WhatsApp’ga unchalik katta qiyinchilik tug’dirmaydi, shunchaki kalit so‘zlarni kiritib, o‘sha so‘zlar ishtirok etgan xabarlarning yuborilishini to‘xtatib qo‘ysa bas.
Beeline va WhatsApp o‘rtasida tuzilgan hamkorlik shartnomasiga kelsak, u biz kabi oddiy foydalanuvchilar uchun hech qanday ahamiyatga ega emas. Beeline ushbu kelishuvni kelajakda yuqoridagiga o‘xshash holatlarning oldini olish maqsadida o‘zining “himoya yostig‘i” sifatida qildi xolos.
O‘zbekistonda WhatsApp kabi xorijiy messenjerlarga muqobil servislar ishlab chiqilmoqda. Ulardan biri Muloqot egalari tomonidan chiqarilgan Gap messenjeridir. Har doimgidek, ko‘pchilik uning muvaffaqiyatiga shubha bilan qaramoqda, ularning qatorida men ham borman. Lekin, 1-mart kuni bo‘lib o‘tgan StartupMix tadbirida messenjer egasi Farhod Fayzullayev o‘zining ba’zi rejalari bilan o‘rtoqlashdi. Umid qilamanki, o‘sha rejalar o‘z samarasini berib, o‘zimizning mahalliy messenjerdan foydalanadiganlar soni ko‘payadi.
O‘zbekistonda ishlab chiqilayotgan ijtimoiy servislarning foydalanuvchilar orasida yaxshi qabul qilinmasligiga asosiy sabablardan biri ularning O‘zbekiston kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgani deb o‘ylayman. Chunki, foydalanuvchilarimiz orasida bitta tushuncha bor — agar O‘zbekistonnikidan foydalansam, hukumat mening shaxsiy ma’lumotlarimni osonlikcha qo‘lga kiritadi, kim bilan gaplashganman, nima deganman, hammasini o‘qiydi. Nima, Amerika hukumati sizning ma’lumotlaringizga tegmaydi deb o‘ylaysizmi?!

Manba: foziljonov.uz

Комментариев нет:

Отправить комментарий