Bo'lim

02.04.2014

JAHONGA MASHHUR MOBIL VA VEB-SERVISLARNING O‘ZBEKISTONDAGI MUQOBILLARI

AQSH naqadar qudratli davlat ekanligini tasavvur qila olasizmi? Uning iqtisodiyoti jahonda birinchi o’rinda, harbiy salohiyati yuksak, eng asosiysi – uning texnologik kompaniyalari butun dunyoni egallagan.
Internetsiz bir kunimizni ham tasavvur qila olmaydigan hozirgi kunlarda barchamiz AQSH texnologik kompaniyalari tomonidan ishlab chiqilgan va taqdim etilgan mobil va veb-servislardan foydalanamiz.
Bu yo‘l sizni Silikon vodiysiga olib boradi. Foto: pitme.com
Bu yo‘l sizni Silikon vodiysiga olib boradi. Foto: pitme.com
Shunday bo‘lsa-da, boshqa davlatlar ham bunga tinch qarab turishgani yo‘q. Masalan, Xitoyni olaylik. Xitoyning texnologik sohasini butun dunyodan ajratgan holada alohida qarash lozim. Xitoy o‘z mamlakati hududida boshqa xorijiy kompaniyalarning internetga oid servislarini taqiqlab bo‘lsada o‘zining milliy mahsulotlarini rivojlantira olgan. Hozirda, AQSH yoki boshqa mamlakat rezidentlari tomonidan ishlab chiqilgan barcha mashhur mobil va veb-servislarning to‘laqonli muqobillari Xitoyda mavjud, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu haqda keyingi postlarimda alohida to‘xtalaman.
Xitoydan keyingi o‘rinda Rossiya ham o‘zining mahalliy servislarini rivojlantirishda o‘rganishga arzigulik. Rossiyaliklar internet-qidiruv uchun Google emas, balki Yandeks’ni afzal ko‘rishadi. Ijtimoiy tarmoq borasida Facebook’dan ko‘ra Vkontakte va Odnoklassniki mashhurroq. Bunaqa misollarni yana bir nechtasini keltirish mumkin.
Xo‘sh, bizning O‘zbekistonda ahvol qanday? Quyida sizlarning e’tiboringizga jahonga mashhur ba’zi mobil va veb-servislarning muqobilini yaratish bo‘yicha O‘zbekistonda amalga oshirilgan ishlar xususida o‘z fikrlarimni bayon etaman.
1. Ijtimoiy tarmoqlar
Facebook – butun dunyo bo‘ylab 1 milliard 300 millionga yaqin faol foydalanuvchisi bo‘lgan jahonning birinchi raqamli ijtimoiy tarmog‘i. 2014-yilning fevral oyi holatiga, Facebook’da O‘zbekistondan 280 ming nafarfoydalanuvchi a’zo bo‘lgan.
O‘zbekistonda Facebook uchun muqobil bo‘la oladigan ijtimoiy tarmoqlar – Rossiya kompaniyalari tomonidan ishlab chiqilgan Odnoklassniki.ru, Vkontakte, MoyMir hamda o‘zimizning O‘zbekistonda ishlab chiqilgan Muloqot.Uz va boshqa nir nechta mahalliy ijtimoiy tarmoqlardir.
Shubhasiz, O‘zbekistondagi eng mashhur sayt – Odnoklassniki.ru. mazkur ijtimoiy tarmoqqa O‘zbekistondan jami7 milliondan ortiq foydalanuvchi a’zo bo‘lgan bo‘lib, ulardan o‘rtacha 1,5 million nafari saytga har kuni tashrif buyuradi. Eng ajablanarlisi, tashrif buyuruvchilarning 92 foizi (!) ijtimoiy tarmoqqa mobil qurilmalardan kirishadi.
LiveInternet statistikasiga ko‘ra esa, Odnoklassniki.ru saytiga bir kunda mamlakatimizdan o‘rtacha 1 million 300 ming nafar foydalanuvchi tashrif buyuradi. Hozir aniq eslolmaymanu, lekin qaysidir bir manbada Uznetning barcha saytlariga bir kunda 300 ming foydalanuvchi ham kirmasligi aytilgandi.
O‘zbekistonda Facebook, Odnoklassniki kabi ijtimoiy tarmoqlarining muqobilini yaratishga 2010-2013 yillarda ko‘p va xo‘p urinishlar bo‘ldi:
  • Mulqoot.Uz – 110 000 ga yaqin foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan, asta-sekin rivojlanib borayotgan hamda yashab qolish ehtimoli eng katta milliy ijtimoiy tarmoq
  • Sinfdosh.uz – O‘zbekistonliklar uchun Odnoklassniki, bir paytlar ro‘yxatdan o‘tganlar soni 80 000 dan oshgandi, hozir ham ishlab turibdi
  • Moy OLAM – Bir ishlab, bir ishlamay turadigan OLAM.uz portalining ijtimoiy tarmog‘i, hozir ishlamayapti
  • YouFace.uz – ancha shov-shuvlarga sabab bo‘lgan Facebook’ning shundoqqina kloni, 3 oy yashadi xolos
  • Spaceroom.uz – Samarqandliklar uchun ijtimoiy tarmoq, hozir ishlamayapti
  • UzFace.uz – Vkontakte va MoyMir aralashmasi, hozir ishlamayapti
  • Vsetut.uz – rang-barang ijtimoiy tarmoq, hozir ham ishlab turibdi
  • Vmeste.uz – qachon ochilganu, qachon yopilgani ham noma’lum
  • Drujba.uz – hozir ishlamayapti
  • 998.uz – boshlanishi o‘zgacha bo‘lgan, hozir qanaqadir tushunarsiz saytga aylanib qolgan
  • Odnokursnik.uz – kursdoshlar uchun ijtimoiy tarmoq, hozir ishlamayapti
  • va men eshitmagan-bilmagan boshqa ijtimoiy tarmoqlar.
Bunaqa ijtimoiy tarmoqlarni yaratayotgan odamlar o‘zlariga yaqin olishmasinu, lekin ularga bi narsani aytmoqchidim: Iltimos, vaqtingizni va pulingizni behuda ishlarga sarflamang.
Twitter – Facebook’dan boshqacha ijtimoiy tarmoq yaratish mumkinligini isbotlab bergan mikrobloglar xizmatidir. Unga muqobil servisni yaratish bo‘yicha urinish O‘zbekistonda ilk marta NimaGap.uz sayti bilan boshlangan. Ammo, bu loyiha ham tezda yopilib ketdi. Yaqinda o‘zbekcha Twitter yaratish bo‘yicha ikkinchi urinish bo‘ldi – Bamboo.uz. Bu saytni “o‘zbekcha Twitter” deb nomlashga keskin qarshilik qilgan bo‘lardim. Ayni paytda interfeysi 14 ta tilda mavjud bo‘lgan suhbu saytda o‘zbek tili mavjud emas. Bu sayt ochilgan kun UzTwitterchilar hazil-huzul aralash, bir-biridan qolishmay deb yoppasiga akkaunt ochishdi. O‘zlari xohlagan so‘z va iboralarni osongina trendga chiqarishga ham ulgurishdi.
Twitter’ga o‘xshagan servis qilishda hozircha Xitoy o‘zining Weibo mikrobloglar xizmati bilan muvaffaqiyatga erishgan. Mail.Ru Group tomonidan ishga tushirilgan Futubra esa “chang bosib yotibdi” – loyiha to‘xtatilgan.
Pinterest – ishga tushishi bilanoq, judayam tez ommalashib ketgan ijtimoiy tarmoq. Buni qarangki, O‘zbekistonda ham uning muqobilini yaratish borasida harakatlar bo‘lgan ekan – Pinme.uz. Sayt Tas-IX tarmog‘ida joylashgan, hozircha ishlab turibdi.
2. Chegirma servislar
Internet orqali jamoaviy xaridlar uchun chegirma kuponlarini sotish biznesi AQSHda Groupon degan servisning ishga tushishi bilan boshlangan.
O‘zbekistonda ham hali elektron tijorat rivojlanmay turib, hatto o‘sha paytda birorta ham normal ishlaydigan elektron to‘lov tizimi bo‘lmasdan, 2011-yilning oktabr oyidan 2012-yil martigacha mamlakatimizda o‘nlab chegirma kuponlarini sotuvchi servislar ishga tushdi. Quyida ulardan ba’zilari keltirilgan:
Avvalroq, iLike.uz texnoblogi yozganidek, bu servislarga umumiy hisobda 435 000 000 (!) so‘m sarflangan. Hozirda ularning birortasi ham ishlayotgani yo‘q.
Malina.uz saytidan olingan skrinshot
Malina.uz saytidan olingan skrinshot
Shu o‘rinda, O‘zbekistonda nima uchun chegirma servislari rivojlanmaganligi haqida ba’zi fikrlarim bilan o‘rtoqlashsam. Birinchidan, ular ishga tushgan paytda to‘laqonli elektron to‘lov tizimi yo‘q edi, Click esa undan keyinroq ishga tushdi. Foydalanuvchi chegirma kuponini sotib olish uchun, avvalo, saytda o‘z hisobini to‘ldirishi lozim edi. Hisobni to‘ldirish uchun esa ko‘chaga chiqib, Paynet izlash zarur edi. Menga aytingchi, kim bu ishga erinmaydi?
Hisobni ham to‘ldirdik deylik, endi eng kata muammo – sotib olingan kuponni printerdan chiqarish lozim. Ko‘chadaku Paynet to‘lov punktlari juda ko‘p, lekin printer topish muammoroq. Kamdan-kam aholining uyida printer bor bo‘lsa kerak.
Ha, mayli, bu ikkalasini ham uddaladik deylik. Endi, o‘sha kuponni olib, uni ishlatish uchun mos do‘kon, kinoteatr yoki boshqa joylarga borasiz. U yerda kuponlarni qabul qilib, tekshiradigan qiz sizdan “saytingizni” (aslida, u qiz e-malingizni so‘rayotgan bo‘ladi) so‘rab boshingizni qotiradi. Kulmang, bunaqa holat shaxsan o‘zim bilan yuz bergan.
Xullas, bitta kuponni ishlataman deb boshingizga uchta muammoni sotib olasiz. Bunaqa servisning kimga keragi bor?
3. Internet-qidiruv
Gap internet-qidiruv borasida ketsa, bu borada jahonda so‘zsiz yetakchi – Google! Hozirgi kunda unga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan qidiruv servislari – Microsoft kompaniyasining Bing, Xitoyning Baidu va RossiyaningYandeks qidiruvlaridir.
Uznet bo‘yicha qidiruv amalga oshirish ehtiyoji tug‘ilsa, Google yoki Yandeks har doim ham yaxshi natija beravermaydi. Shunday ekan, bizga yaxshi ishlaydigan milliy qidiruv tizimi kerak. Bu borada birinchilardan bo‘lib qilingan harakat WWW.UZ milliy qidiruv tizimi bo‘lgan.
Keling, milliy qidiruv tizimlari borasidagi tarixga nazar tashlamaylikda, maqsadga o‘ta qolay. Agar sizga Uznet, yanayam aniqroq qilib Tas-IX bo‘yicha qidiruvni amalga oshirish kerak bo‘lsa, unda sizga Ulugov.uz yordamchi bo‘lishi mumkin. Uning qidiruv texnologiyasi Google yoki Yandeks’niki kabi emas, lekin o‘zimizda ishlab chiqilganlari orasida eng yaxshisi deb bilaman.
4. Mobil messenjerlar
Jahonda hozirgi kunda mobil messenjerlar bozorida raqobat judayam keskin tus olib ketdi. Mashhur The Next Web internet-nashri mana bu yerda dunyoda eng ko‘p tarqalgan 22 ta mashhur messenjer nomini sanab o‘tgan, ularning foydalanuvchilari soni albatta bir necha o‘nlab, yuzlab million nafarni tashkil qiladi – WhatsApp (470 million foydalanuvchi), Line, WeChat, KakaoTalk, Snapchat, …
Menimcha, O‘zbekistonda ham eng mashhur mobil messenjer shubhasiz WhatsApp bo‘lsa kerak. Unga muqobil servislar o‘zimizda ham paydo bo‘lmoqda. Xususan, o‘tgan fevral oyining o‘zidayoq 3 ta mahalliy mobil messenjer foydalanuvchilarga taqdim etildi – GapIM, Gap, Gap Bor.
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalari tomonidan ishlab chiqilgan GapIM messenjeri foydalanuvchilari soni o‘zlarining statistikasiga ko‘ra 3 000 nafardan oshib ketgan. Messenjerning nafaqat Android-smartfonlar uchun versiyasi, balki Windows va Linux operatsion tizimlari uchun chiqarilgan dasturlari ham mavjud.
GapIM messenjeri chiqqanidan 3-4 kun o‘tiboq, Muloqot.Uz egalari ham o‘zining Gap deb nomlangan mobil messenjeri haqida yozishdi. Messenjerning Gap Anor deb nomlangan ilk versiyasi ayni paytda beta-sinov davrida bo‘lib, undan foydalanish uchun messenjerning Google+ ijtimoiy tarmog‘idagi guruhiga qo‘shilish lozim.
Xoh ishoning, xoh ishonmang, o‘tgan fevral oyi ichida nomida “Gap” so‘zi qatnashgan yana bitta mahalliy mobil messenjer paydo bo‘ldi – Gap-Bor. Ushbu messenjer ishlab chiquvchisining veb-saytida hozircha uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga olib boruvchi linklardan tashqari hech nima yo‘q.
O‘zbekistonliklar GAPlardan charchadi shekilli, mart oyining ilk kunlaridayoq OpenNet.uz saytida bir dasturchi o‘zining “So‘z” deb nomlangan messenjerini ishlab chiqqanini ma’lum qildi.
O‘zim dasturchi bo‘lmasam-da, lekin yaratilgan dasturlarni nomlash, brending va marketing qilishda yaxshi tajribaga egaman. Agar O‘zbekistondan menga birortasi o‘zining mobil messenjeri uchun nom tanlashda maslahat so‘raganida, unga “NimaGap” deb nom qo‘yishni maslahat berardim. Bu nom, birinchidan, o‘sha jahonga mashhur WhatsApp messenjerining o‘zbekchasi, ikkinchidan talaffuz qilinishi ham WhatsApp’ga o‘xshab ketadi. Bundan ikki yilcha avval bir tanishimiz NimaGap.uz deb nomlangan Twitter’ning o‘zbekcha muqobilini ishlab chiqqanda, nom masalasida unga tasannolar aytganman.
P.S. Ro‘yxatni yana davom ettirishim mumkin edi, lekin shu yerda to‘xtatishga qaror qildim. Qolganlari haqida navbatdagi blog postlarimda gaplashamiz.

Manba: foziljonov.uz

Комментариев нет:

Отправить комментарий